Shahrisabz tuman hokimi Samad Hasanovning tumanimiz xotin-qizlariga bayram tabrigi
Shahrisabz tuman hokimi Samad Hasanovning tumanimiz xotin-qizlariga bayram tabrigi
Assalomu alaykum, aziz ayollar! Muhtarama onaxonlar, lobar opa-singillar!
Avvalo, Siz azizlarni, sizlarning timsolingizda Shahrisabz tumanidagi barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va go‘zallik bayrami 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman!
Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo‘lib kelayotgan Siz, go‘zal va betakror, qadrdon ayollarimiz haqida ko‘plab ta’riflar keltirish mumkin.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘rin va mavqega ega. Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, siyosiy-iqtisodiy hayotidagi barcha sohalarda samarali mehnat qilishmoqda.
Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda xotin-qizlarning sifatli ta’lim va tarbiya olishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.
Darhaqiqat, oilada bir nafar qiz o‘qib, oliy ma’lumotga, zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lsa, xonadondagi muhit butunlay o‘zgaradi.
Qadrli opa-singillar!
Shuni alohida faxr bilan aytishimiz kerakki, mamlakatimizda xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni, qadr-qimmati yanada yuksaklikka ko‘tarildi.
Jumladan, tumanimizda 235 ming 121 nafar aholi bo‘lib, shundan 115 ming 549 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
2023 yilda “Ayollar daftari”ga 5848 nafar ayol qamrab olindi, “Ayollar daftari” jamg‘armasidan: 2 mlrd. 933 mln 718 ming so‘m) mablag‘lar sarflandi.
Tijorat banklari tomonidan 140 nafardan ziyod tadbirkor ayollarga 1 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari berildi.
Shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, 1934 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.
Xususan, tumanimizdagi Muruvvat ayollar uyida yotib davolanayotgan 286 nafar bemor ayollarga ham o‘z vaqtida kerakli tibbiy muolajalar, muntazam saxovat ko‘maklari ajratilib, xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblangan mehr-muruvvat ko‘rsatishdek ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun tumanimizning eng olis qishloq joylarida ham go‘zallik salonlari, tikuvchilik syexlari tashkil etilmoqda.
Qadrli opa-singillar!
Biz bugun o‘zining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan yuzlab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.
Sizlarning mehnatlaringiz Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonlaridan inobatga olinib, mamlakatimizda o‘tkazilgan muhim bayram shodiyonalari arafasida davlatimizning yuksak darajadagi davlat mukofotlari hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Jumladan, bugun, bizning tumanimizda qo‘shaloq bayram. Mamlakatimiz Prezidentining tegishli farmoni bilan Shahrisabz tumanida tug‘ilgan Hakimova Shahzoda Bahriddin qizi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi bo‘ldi. U ayni paytda Toshkent Tibbiyot akademiyasi davolash fakultetining 1-bosqich talabasi. Shahzoda Hakimovani ushbu yuksak mukofot bilan tabriklaymiz va kyelgusi ishlarida muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yil 2-fevralda «Moʻtabar ayol» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida” Qaror qabul qilingan edi.
Mazkur mukofotga ham bizning tumanimizdan ko‘p yillar tibbiyot sohasida mehnat qilib kelayotgan Gulnora Atabayeva munosib deb topildi.
2024 yil Ixtisoslashtirilgan maktablar o‘rtasida matematika fanidan 9-11 sinf qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika olimpiadasida “Polmon” MFYda joylashgan Shahrisabz tuman Ixtisoslashgan maktabining 11 sinf o‘quvchisi Nurillayeva Gulirano Nasrullo qizi 1 o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yana shuni mamnuniyat bilan e’tirof etishim kerakki, xotin-qizlarimizning sport sohasida erishayotgan yutuqlari ham salmoqli bo‘lmoqda. Xususan, Dilso‘z Omonova Yengil atletikaning marafon yugurish turi bo‘yicha 2023 yilda Osiyo chempioni bo‘ldi. “Yangiqishloq” MFYda yashovchi Karomat Choriyeva Kurash bo‘yicha Respublika chyempioni, Boboqulova Sevinch esa 2023 yilda Yengil atletika bo‘yicha 3 marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Bu qizlarimiz yuksak e’tirofga loyiqdir.
Yaxshi bilamizki, keyingi yillarda Vatanimiz nomini, sha’ni va g‘ururini dunyo miqyosida tanitayotgan, turli yo‘nalishlarda o‘z izlanishlarini olib borayotgan iqtidorli qizlarimiz soni tobora ko‘payib bormoqda.
Hurmatli onaxonlar, opa-singillar, munis qizlar!
Siz, azizlarning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi.
So‘zimning oxirida barchangizning xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Doimo Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish nasib etsin aziz va muhtaram ayollar!
Hurmat bilan,
Samad HASANOV,
Shahrisabz tumani hokimi