O’zbekiston Respublikasi 33- yillik mustaqilligi muborak bo’lsin
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram otaxon va onaxonlar!
Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bundan roppa-rosa 33 yil muqaddam O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qildi. O‘ttiz uch yil avval tug‘ilgan go‘dak bugun o‘zining mustaqil fikri, dunyoqarashi, orzu-istaklari va maqsadlariga ega shaxs sifatida mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida sobitqadamlik bilan xizmat qilmoqda. Xuddi shu singari, bugungi O‘zbekiston ham, o‘tgan davrda turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozisiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllandi.
Bu – butun xalqimizning tarixiy yutug‘i. Unda har biringizning munosib hissangiz bor!
Darhaqiqat, xalqimizning tinchliksevar bayram va shodiyonalari bisyor. Biroq millatimizning ongu-shuurida, ruhi va qalbida o‘zgacha tug‘yonlar soladigan, Vatanparvarlik va oliyjanoblik tuyg‘ularini mustahkamlaydigan Mustaqillik bayramining har bir fuqaromiz taqdirida muhim o‘rni bor.
Qutlug‘ va unutilmas ayyom – mamlakatimiz Mustaqilligining 33 yilligi bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu shodiyonalar “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak-Vatanmiz! ” degan shior ostida nishonlanmoqda.
Ruxsatingiz bilan, tumanimizda o‘tgan yillar davomida ijtimoiy, iqtisodiy, qurilish va obodonlashtirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan vazifalar to‘g‘risida gapirib o‘tsam.
MAKROIQTISODIY KO‘RSATKICHLAR bo‘yicha
Tumanimizning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarida, xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar ko‘rsatish va qurilish sohasida yildan-yilga o‘sishga erishilib borilmoqda.
Kelgusida ham tumanimizning barcha mavjud imkoniyatlari va zaxiralarimizni safarbar etgan holda iqtisodiy ko‘rsatkichlarimizda o‘sishni ta’minlaymiz.
QISHLOQ XO‘JALIGI sohasida
Tumanimiz hududida fermer xo‘jaliklari va kasanachilar tomonidan 365 tonna PILLA xomashyosi yetishtirilib, pilla xom-ashyosi pillachilik korxonasiga topshirildi va qariyb 15 mlrd so‘m daromad olinishiga erishildi.
2024 yilda GʻALLA yetishtirish uchun 6 250 gektar yer maydoniga boshoqli don ekinlari ekilib, fermer xo‘jaliklarimiz tomonidan 44 000 tonna don mahsulotlari yig‘ib olindi.
Shundan, 40 syentnerdan shartnoma asosida 24 ming tonna g‘alla topshirildi, qolgan 20 000 tonna g‘alla fermerlarning o‘ziga va ishchi-xodimlariga qo‘shimcha daromad sifatida qoldi.
Bundan tashqari, joriy yilda 4 000 gektar yer maydoniga chigit qadalib, 14 300 tonna paxta hosilini terib olishni rejalashtirganmiz.
Qolaversa, Agroturizmni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida “Uloch” mahallasidagi lalmi maydonlardan 500 gektar yer o‘zlashtirilib, bog‘ va uzumzorlar tashkil etish boshlandi.
Bu yerda 1000 tonnalik sovutkich, mehmonxona va restoranlar qurilmoqda.
Ushbu loyihaga Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida Germaniya hamkorlik tashkilotining 700 ming yevro granti va viloyat hokimligi byudjetidan 4,8 mlrd so‘m mablag‘lar ajratildi. Respublika Tovar xom-ashyo birjasi tomonidan bog‘ barpo qilish ishlariga 50 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Hozirgacha sohada yuqori tajribaga ega bo‘lgan Farg‘ona viloyati bog‘bonlari jalb qilinib, jami 120 gektar yer maydonida, shundan 60 gektarda eksportbop uzum navlari, 20 gektarida mevali bog‘zor tashkil qilindi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 000 taga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi. Hududda 7 500 tonna mahsulot yetishtirilib, yiliga 2,5 mln dollar eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
INVESTISIYA sohasida
Tumanimizda 2023-2024 yillarda qiymati qariyb
2,5 trln so‘m bo‘lgan 40 ga yaqin yirik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
Misol uchun, yirik loyihalarimizdan
— “O‘zbekgidroenergo” AJ buyurtmachiligida “Chayna neyshinl elektrik” KO.LTD kompaniyasi tomonidan qiymati
79,5 mln dollar bo‘lgan “Tamshush, Rabot va Chappasuv” Mikro GES loyihalari amalga oshirilmoqda. Natijada, yiliga 1,5 mln. MVt elektr-energiya ishlab chiqariladi va 750 mlrd. so‘m sanoat o‘sishiga erishiladi.
— “Hisorakgidroqurilish” MCHJ tomonidan qiymati
100 mlrd so‘m bo‘lgan dam olish maskanlari, mehmonxona va akvapark qurish loyihasi amalga oshiriladi.
TURIZM sohasida
Shahrisabz tumanida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbuslari bilan turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2023-2024 yillarda Miraki turizm mahallasi infrastrukturasi uchun 107,6 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar evaziga nosoz bo‘lgan 126 km yo‘l, kanalizatsiya tarmog‘i, ichimlik suvi, elektr-energiya, mobil aloqa va internet tarmog‘i yaxshilandi.
Shahrisabz tumanida “Shahrisabz turistik markazi” tashkil etilib, unda “Miraki”, “A.Temur”, “Polmon” va “Uloch” mahallalaridagi 240 gektar yer maydoni master-rejasi ishlab chiqildi.
Mazkur hududda umumiy qiymati 117 mln. dollarlik mehmonxona, mehmon uyi va dam olish maskani yo‘nalishlarida
48 ta yirik va o‘rta yangi xizmat ko‘rsatish loyihalari amalga oshiriladi va 1 700 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Xususan, Shahrisabz tumanida turizm xizmatlarini rivojlantirish loyihalari doirasida 3 ta tijorat banklari: Asakabank, O‘zsanoatqurilishbank va Milliybank tomonidan
60 mln. dollarlik 1100 o‘rinli 3 ta mexmonxona, 2 ta restoran,
2 ta avtoturargoh, savdo-ko‘ngilochar markaz, bolalar o‘yingohi va 2 ta yashil hudud tashkil etiladi. Shuningdek, 1300 o‘rinli 29 mln. dollarlik 17 ta mehmonxona, mehmon uylari, sanatoriya yo‘nalishlarida loyihalarning qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Bundan tashqari, Shahrisabz tumanida Rossiyalik investorlar bilan birgalikda loyiha qiymati 300 mln dollar bo‘lgan tog‘li G‘elon va Sarchashma qishloqlari o‘rtasida
3 000 gektar umummavsumiy tog‘-chang‘i kompleksi bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Natijada bir vaqtning o‘zida 7 000 nafar mahalliy va xorijiy sayyohlarni qabul qilish imkoni yaratiladi.
SANOAT sohasida
Shahrisabz tumanida 2020 yilga qadar to‘liq infrastruktura bilan ta’minlangan bitta ham sanoat zonasi yo‘q edi. Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan tizim asosida hozirda tumanimizda 16,3 gektar maydonda 4 ta Xontepa, Loliston, Shamaton kichik sanoat zonalari va Xontepa yoshlar sanoat zonalari tashkil etildi.
Sanoat zonalarida jami 300 mlrd so‘mlik 41 ta loyihalar amalga oshirilishi va 600 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilab olindi.
Jumladan, “Zubaydullayev Firdavs” MCHJ tomonidan mebel mahsulotlari, “Vulqon elektro sanoat qurilish” MCHJ polietilin quvurlari ishlab chiqarish, “Akbar Muxammadali barokat” MCHJ tomonidan beton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarib kelinmoqda.
Shuningdek, “OQSAROY TEKSTIL” MCHJ tomonidan qiymati 310 mlrd. so‘m bo‘lgan sun’iy tola aralashmali ip-kalava va mato ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
QURILISH sohasida
Oxirgi 3 yillik davomida tumanimizdagi 203 ta ijtimoiy-iqtisodiy ob’yektlada qurish va ta’mirlash ishlari olib borilib, jami 596 mlrd 548 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Shundan, joriy yilning o‘zida 39 ta ob’yektlarni qurish va ta’mirlash ishlari uchun jami 122 mlrd 150 mln so‘m mablag‘ ajratilib, bugungi kunda jadallik bilan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarimiz ham mahallalarni obodonlashtirish va infratuzilma ob’yektlarini yaxshilashda o‘z faolliklarini ko‘rsatishmoqda. Birgina, “OPEN BUDJET” dasturi doirasida 2021-2024 yillarda 53 ta mahallalarda
68 ta tashabbuslari g‘olib deb topilib, jamg‘arma tomonidan
63 mlrd 325 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
Hozirda, 2024 yil 2-mavsumi uchun ham fuqarolarimizning ovoz berish jarayoni olib borilmoqda. Mazkur tadbirlar uchun yana jamg‘arma tomonidan qariyb 12 mlrd so‘m ajratiladi.
MAKTABGACHA VA MAKTAB TA’LIMI sohasida
Tumanimizda 84 ta umumta’lim maktablari hamda davlat, xususiy va oilaviy 308 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. Boshlanayotgan 2024-2025 o‘quv yilidan umumta’lim maktablari soni 85 taga yetkaziladi.
2019-2020 o‘quv yilida 2706 nafar bitiruvchidan
456 nafari, ya’ni 16 foizi Oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lgan bo‘lsa,
2023-2024 o‘quv yilida 2424 nafar o‘quvchidan 1091 nafari,
ya’ni 45 foizi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishdi.
Birgina, tumandagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘qituvsi Ulug‘bek Karimov sinf rahbarlik qilgan 11-sinf o‘quvchilaring barchasi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi.
FAN OLIMPIADALARI bo‘yicha
2020-2021 o‘quv yilida 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika fan olimpiadalari viloyat bosqichida
5 nafar o‘quvchilar va 2 nafari Respublika bosqichiga qatnashish huquqini qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, 2023-2024-o‘quv yilida
9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika fan olimpiadalari viloyat bosqichida 9 nafar o‘quvchilar va 6 nafari Respublika bosqichiga qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi.
5-bog‘cha tarbiyachisi Sohibova Gulasal Zokirovna “Yilning eng yaxshi ijodkor ixtirochi tarbiyachisi” Respublika bosqichida faol ishtirok etib, “Yil tarbiyachisi” nishoni bilan taqdirlandi.
SPORT bo‘yicha
Yoshlarimiz sport olimpiada o‘yinlarining Respublika bosqichida “Xontepa” mahallasidan Choriyeva Karomat “Kurash” sport turidan 1-o‘rinni, sportning “Stretvorkout” turi bo‘yicha “Bog‘ishamol” mahallasidan Ibragimov Shaxzod 2-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Ularning jahon olimpiadalariga ham qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallashlariga tilakdoshmiz.
Shuningdek, “Yoshlar ovozi” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida 4 nafar yoshlarimiz, sportning “Shashka” turidan
1 nafar va Armlesting yo‘nalishida 1 nafar yoshlarimiz faxrli o‘rinlarni egallashib, Respublika bosqichlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishdi.
Ularga keyingi musobaqalarda ham omad tilab qolamiz hamda yoshlarimizning bu muvaffaqiyatli natijalarga erishgani bilan ota-onalari va ustozlariga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.
SOGʻLIQNI SAQLASH sohasida
Tumanimizda bugungi kunda 24 ta davlat tibbiyot muassasalari tomonidan oxirgi 3 yillikda aholi uchun
13 mlrd 590 mln so‘mdan ortiq tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Tuman markaziy shifoxonasi hamda uning tasarrufidagi
12 ta ob’yektlarni yangidan qurish va ta’mirlash uchun 45 mlrd so‘m sarflandi.
Hozirgi kunda eskirgan Damas avtomashinalarining o‘rniga
6 ta Wolsfagen rusumli tez tibbiy yordam mashinalari olib kelindi.
Tuman aholisiga tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida tibbiyot muassasalari Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 2,9 mlrd so‘mlik tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi.
IJTIMOIY KO‘MAK bo‘yicha
Oxirgi 5 yillikda Prezidentimizning aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilgan Qaror va Farmonlariga muvofiq Temir daftar, Ayollar daftari va Yoshlar daftariga 23 740 nafar ehtiyojmand fuqarolar kiritildi va ularga qariyb 25,2 mlrd so‘mdan ortiq moddiy va ijtimoiy ko‘maklar ko‘rsatildi.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Fursatdan foydalanib, islohotlarimizni faol qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda doimo fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng tumanimiz aholisiga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Siz, azizlarni O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayz-u baraka tilayman.
Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!
Yaratganning o‘zi barchamizni panohida asrasin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!