Otam vafot etganlar, otamdan qolgan uyimiz ancha yillar oldin qurilgan lekin uy-joyning hujjatlari mavjud emas. Mazkur holatda qanday qilib uy-joyning hujjatlarini rasmiylashtirsam bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasining 05.08.2024 yildagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”  O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga (hujjat hali kuchga kirgan emas, kuchga kirish sanasi 08.11.2024) ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi — fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarsiz, shu jumladan bunday hujjatlar yo‘qolgan yoki to‘liq rasmiylashtirilmagan holda egallab kelinayotgan yoki ortiqcha egallangan yer uchastkasi hisoblanadi.

Yuqoridagi qonunning maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Yuqorida keltirib o‘tilgan O‘zbekiston Respublikasining 05.08.2024 yildagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”  Qonunining 1-moddasi 2-bandi 1-kichik xatboshisiga ko‘ra, “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga va boshqa mazkur Qonunda ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra egallangan yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.

Uy-joy ancha yillar oldin qurilgan lekin uy-joyning hujjatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining 05.08.2024 yildagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi  orqali amalga oshiriladi.

Kadastr agentligi avtomatlashtirilgan axborot tizimining operatoridir. Yuqoridagi holatda hududiy Kadastr agentligiga murojaat qilish lozim hisoblanadi.

 

A.Axmatov,

Shahrisabz tuman adliya bo‘limi

bosh maslahatchisi.