Shahrisabzda pillachilik: an’anaviy hunar, zamonaviy yondashuv

Qashqadaryo viloyatining qadimiy va mo‘tabar maskani – Shahrisabz tumani nafaqat tarixiy obidalari, balki mehnatsevar aholisi, serhosil yer-suvlari bilan ham dong taratgan. Ayniqsa, bu yerda pillachilik – qadimdan davom etib kelayotgan kasb-hunar sifatida alohida o‘rin egallaydi. Bugun bu soha nafaqat tirikchilik manbai, balki mahalliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylangan.

Har yili bahor fasli kirib kelishi bilan tuman pillakorlarida qizg‘in tayyorgarlik ishlari boshlanadi. Har bir xonadon, har bir mahalla pillaning xaridori, uni boqishning sir-asrorini biladi. Bo‘rijar, Qorashina, Oqtepa kabi qishloqlarda deyarli har bir oilada ipak qurti boqiladi. Bu esa nafaqat ko‘p yillik tajribaning, balki urug‘-nasldan o‘tgan hunarning natijasidir.

Tuman hokimligi va qator tashkilotlar tomonidan pillachilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga bepul tut nihollari, ipak qurti urug‘i (tuxumi) tarqatiladi. Pillachilarni moddiy rag‘batlantirish, zarur sharoit yaratish borasida ham amaliy ishlar qilinmoqda. O‘tgan yilning o‘zida Shahrisabz tumanida 600 tonnadan ortiq quruq pilla topshirildi – bu esa hududda pillachilikning salohiyati hali ham yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Ko‘pchilik uchun pilla – oddiygina ipak qurti bo‘lishi mumkin, biroq u zamirida mehnat, sabr, qunt va albatta, mo‘l hosil turadi. Shahrisabzlik pillakor ayollar – ayniqsa, yosh kelinlar va mehnatga layoqatli yoshlar bu sohaga qiziqmoqda. Chunki oz muddatda daromad olish, uyda ishlab, oila iqtisodiga hissa qo‘shish imkoniyati bor.

Kelajakda pillachilikni chuqurlashtirish, ipak xomashyosi asosida hunarmandchilik va yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish Shahrisabz tumanida yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Zero, bu yerda salohiyat bor, mehnatkash xalq bor.

Statistik ma’lumotga keladigan boʻlsak 2024-yilda Shahrisabz tumanida 850 nafar pillakor tomonidan jami 620 tonna quruq pilla yetishtirilib, davlatga topshirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga o‘sishni ko‘rsatmoqda.

Malikadiana Isrofilova

OʻzDJTU 4-kurs talabasi