MUNOSABAT

2025 yil 16 iyun kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi jamiyat va hududlar rivoji uchun muhim yo‘nalishlarda chuqur tahlil hamda aniq vazifalar belgilab berilgan strategik majlis bo‘ldi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, sanoat va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sishi, investitsiya jalb qilishdagi harakatlar mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini yanada mustahkamlayotganini ko‘rsatadi. Biroq, Prezidentimiz e’tirof etganidek, faqat raqamlar emas, odamlarning kundalik hayotidagi o‘zgarishlar, ularning roziligi eng katta natiqadir.

Tuman Kengashi deputati sifatida ta’kidlamoqchimanki, biz ham mahalliy darajada islohotlarning natijadorligini ta’minlash, aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ular ko‘tarayotgan masalalarga tezkor va samarali yechim berish borasida yanada faol bo‘lishimiz zarur.

Xususan:

Energiya samaradorligini oshirish, aholini qulay va iqtisodiy jihatdan foyda beradigan tizimlarga o‘tkazish masalasida tumanimizda tegishli ro‘yxatlar shakllantirilib, “yashil ta’mir” kreditlari bo‘yicha aholini xabardor qilish ishlari kuchaytiriladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi va yerlardan samarali foydalanish yuzasidan ham Kengash majlislarida aniq takliflar ko‘rib chiqilishi lozim. Yaylov va o‘rmon yerlarini aholi manfaati uchun berish mexanizmlarini ochiq va adolatli yo‘lga qo‘yish zarur.

Mahalliy kadrlar muammosi, oyliklar kamligi va tuman hokimliklariga berilgan vazifalarning og‘irligi to‘g‘ri ko‘tarildi. Bu borada tizimli yechimlar zarur va Kengash sifatida ushbu masalalarda tashabbuskor bo‘lishimiz shart.

“Xalq nazorati” elektron portali kabi tashabbuslar orqali fuqarolarning davlat idoralari ustidan nazorati kuchayishi jamiyatda ochiqlikni ta’minlaydi. Buning tumanimizda to‘g‘ri va samarali ishlashini ta’minlash bizning vazifamizdir.

Yig‘ilishda so‘z qilingan har bir masalada tuman Kengashi deputatlari xalq va hukumat o‘rtasidagi muhim ko‘prik sifatida o‘z mas’uliyatini chuqur his etishi, amaliy tashabbuslar bilan ishtirok etishi kerak, deb hisoblayman.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni bajarishda, birinchi navbatda, xalq bilan hamjihatlik, ochiqlik, tezkorlik va natijadorlik asos bo‘lishi zarur. Bu — haqiqiy xalq vakilligining mezonidir.

Amriddin Baratov
Xalq deputatlari Shahrisabz tuman Kengashi deputati