Qobul Do‘sovning Shahrisabz tumanidagi “kelini”ning mehnat nizosi bilan bog‘liq “Kobul Dusov” telegram kanalida e’lon qilgan tanqidiy xabariga RADDIYA

Qobul Do‘sovning Shahrisabz tumanidagi “kelini”ning mehnat nizosi bilan bog‘liq “Kobul Dusov” telegram kanalida e’lon qilgan tanqidiy xabariga RADDIYA

 

Qobul Do‘sovning Shahrisabz tumanidagi “kelini”ning mehnat nizosi bilan bog‘liq “Kobul Dusov” telegram kanalida e’lon qilgan tanqidiy xabariga

RADDIYA

 

Shahrisabz tuman hokimligi doimiy ravishda ommaviy axborot vositalari bilan shaffof va ochiqlik siyosati asosida o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda. Samarali hamkorligimizni respublikamizda faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar ham e’tirof etishmoqda. Xususan, joriy yilning 21-yanvar kuni “Rost24.uz” internet nashri tomonidan o‘tkazilgan «Yil tanlovi — 2021» so‘rovnomada ishtirok etgan Davlat boshqaruv organlariga mustaqil jurnalist va blogerlar xolisona baho berib, Shahrisabz tumanini fuqarolar murojaati bilan ishlash tizimini yaxshi yo‘lga qo‘ygani uchun “Yilning eng namunali tumani” yo‘nalishida 1-o‘ringa munosib ko‘rishdi.

Shahrisabz tumani hokimligi jurnalist va blogerlar tomonidan e’lon qilinayotgan xolis yondashilgan tanqidiy materiallarga ham ijobiy qaraydi hamda ularni hal qilish uchun tezkor choralar ko‘rib kelmoqda. Tumanimizdagi mavjud muammolarni aniqlashda, ularning yechimini izlashda ko‘maklashayotgani uchun tuman hokimligi jurnalist va blogerlarga o‘z minnatdorligini bildiradi.

Biroq masalaga bir tomonlama yondashib, tuman hokimi Samad Hasanov nomiga har xil haqoratomuz so‘zlar qo‘llagan, muammoning tub mohiyatiga yetmagan Qobul Do‘sovning hatti-harakatlarini tuman hokimligi o‘zaro munosabatlarda “chegaradan chiqish” deb baholaydi.

     

Qobul Do‘sov bu masalada tuman hokimiga joriy yilning 25-mart, juma kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shahrisabz tumanidagi Xalq qabulxonasi bilan birgalikda sektorlar rahbarlarining fuqarolar bilan qabuli vaqtida to‘rt marta qo‘ng‘iroq qilib (10:02, 10:25, 11:20, 12:44), tuman hokimiga Adiba Narzullayeva ismli shaxs uning “kelin”i ekani, “uka”sining rafiqasi bo‘lishini, uning mehnat nizosi bilan bog‘liq muammosi yechim topmayotgani, bu ishni hokim bevosita “bir og‘iz gapi bilan” hal qilib berishini, ushbu nizoni hal etish yuzasidan sudning qarori bo‘lsada, sudning qaroriga zid ravishda hokimlik vakolatidan foydalanib, “kelinim” deb tanishtirgan Adiba Narzullayevaning ishini tiklab berishini talab qilgan.

Tuman hokimligi ushbu mehnat nizosini tezkor ishchi guruh tuzib, to‘liq va xolisona o‘rganganida quyidagilar aniqlandi.

Shahrisabz tuman “Shakarteri” MFY, Shovkan qishlog‘i 221-uyda yashovchi fuqaro Rasulova Madina Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Shovkan” qishloq vrachlik punktiga 03.01.2016-yildagi №2-son buyruq bilan xodima Narzullayeva Adibaning tug‘ruq ta’tiliga chiqishi munosabati bilan uning o‘rniga 0,5 stavka doya hamshirasi vazifasiga ishga qabul qilingan.

Tibbiyot birlashmasining 18.04.2017-yildagi 31-T-sonli buyrug‘i bilan “Shovkan” qishloq vrachlik punktining yuridik maqomi tugatilgan va yangi tashkil etilgan 39-Qishloq oilaviy poliklinikasiga birlashtirilgan. Shu sabab 0,5 stavka doya hamshiralik shtati tugatilgan va barcha ishchi xodimlar shu jumladan Rasulova Madina bilan ham 39-QOPga yangi tashkil etigan potranaj hamshirasi vazifasiga 0,5 stavka ish o‘rniga yangidan mehnat shartnomasi tuzilgan holda o‘tkazilgan.

Keyinchalik Rasulova Madina Shahrisabz tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O.Bo‘riyevning 2018-yil 10-apreldagi №22-t-sonli buyrug‘i bilan tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi tashkil etilgani munosabati bilan ushbu muassasaga 0.5 stavka registratura hamshirasi va 0,25 stavka AKG hamshirasi ish o‘rniga yangi mehnat shartnomasi tuzilgan.

Shahrisabz tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i I.Sharopovning 01.05.2020-yildagi №98-k son buyrug‘i bilan tug‘ruq ta’tilidan qaytishi munosabati bilan Rasulova Madinaning 0,5 stavka ish o‘rni xodima Narzullayeva Adibaga olib berilgan.  

Bu holatda ish beruvchi A.Narzullayevaning QVPdagi doya shtati tugatilgani, shu munosabat bilan unga mavjud vakant o‘rinlardan taklif etishi kerak edi. Biroq ish beruvchi A.Narzullayevaga o‘zining doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan M.Rasulovaning 0,25 AKG va 0,5 registratura hamshirasining 0,5 stavka ish o‘rnini olib bergan.  

Ushbu holat bo‘yicha Madina Rasulova FIB Shahrisabz tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qilgan. FIB Shahrisabz tumanlararo sudi 19.11.2021-yilda ishni ko‘rib chiqib, Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i I.Sharopovning 01.05.2020-yildagi №98-k son buyrug‘i (Rasulova Madinaning 0,5 stavka ish o‘rni xodima Narzullayeva Adibaga olib berilgan)ni g‘ayriqonuniy deb topib bekor qilish to‘g‘risida HAL QILUV QARORI CHIQARGAN. Shahrisabz tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan sudning ushbu qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 17.01.2022-yildagi №11-K sonli bo‘yruq bilan 01.05.2020-yildagi №98-k son buyruqning M.Rasulovadan 0,5 stavka ish o‘rni olib quyish to‘g‘risidagi qismi BEKOR QILINGAN.

Shundan so‘ng, Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Z.Jalolovning yozma ma’lum qilishicha, oldingi rahbar tomonidan Adiba Narzullayevaga 2022-yil yanvar oyida yashash hududiga yaqin bo‘lgan 39- oilaviy poliklinikada faoliyatini davom ettirishi uchun ish taklif etilgan, ammo u bu taklifni rad etgan.

Keyinchalik Adiba Narzullayeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shahrisabz tumanidagi Xalq qabulxonasi bilan birgalikda sektorlar rahbarlari tomonidan o‘tkaziladigan fuqarolar qabulida ushbu masalani o‘z manfaati yo‘lida ijobiy hal etib berishni so‘rab, murojaat qilgan. Unga tuman hokimi tomonidan sud qaroridan norozi bo‘lsa, faqat manfaatdor tomonlarning o‘zi yuqori turuvchi sudga murojaat qilish huquqi borligi ma’lum qilingan hamda tuman Adliya bo‘limiga murojaatni qonun doirasida o‘rganib chiqishi va amaliy yordam berilishi bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma berilgan.

Qobul Do‘sov tuman hokimi bilan telefon orqali qilgan muloqotida hokimga “sudni siz nazorat qilasiz, aka”, deb aytib o‘tgan. Vaholanki, O‘zbekiston Ryespublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunining

9-moddasida sudyalar mustaqil va faqat qonunga bo‘ysunishi, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

Qonunchilikda sud qarorlarini ijro etmaslik ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Biz qonunchilikka chuqur to‘xtalishni maqsadga muvofiq deb bilmadik. Zero, hokim bilan telefon orqali muloqotida ta’kidlab o‘tganidek, “bir vaqtlar hokimlarga dars bergan, Ijro organi nazoratida ishlagan deputat” Qobul Do‘sovga qonunchilikni o‘rgatish shart emas deb o‘yladik.

Mavzuga qaytsak, tuman Adliya bo‘limi hokimning og‘zaki ko‘rsatmasiga binoan Narzullayeva Adibaning murojaatini o‘rganib chiqib, tuman Adliya bo‘limi tomonidan fuqaroning manfaatini ko‘zlab, Shahrisabz tuman Tibbiyot birlashmasiga Tug‘ruq ta’tilidan qaytgan xodima Narzullayeva Adibani tug‘ruq ta’tilidan qaytgandan so‘ng 0,5 stavka ish bilan ta’minlash chorasini ko‘rish yuzasidan 24.03.2022-yilda taqdimnoma kiritgan. Hozirda ushbu taqdimnoma ijroda turibdi.

Bundan tashqari tuman prokuraturasi ham tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga holatni o‘rganish yuzasidan taqdimnoma kiritgan.

Bloger sifatida tanilgan Qobil Do‘sovning Adiba Narzullayevning turmush o‘rtog‘iga hech qanday qarindoshlik (bir oila sifatida, tutingan bo‘lsa, bizga qorong‘u) aloqalari  mavjudligi aniqlanmadi. 

Rasulova Madina esa ayni paytda Tuman tibbiyot birlashmasida hamshira vazifasida ishlab kelmoqda. Uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i mavsumiy ishchi. Tuman hokimligi Axborot xizmati Madina Rasulova bilan holat yuzasidan suhbatlashdi.

– Oilamning oshib-toshib yotgan joyi yo‘q, – deydi Madina Rasulova. –

Men ham ishlashim, oilamga daromad olib kirishim zarurku. Nima uchun Adiba Narzullayeva mening o‘rnimga ishga olinishi kerak. O‘zbekiston Respublikasida qonun ustuvor, adolat barqarorku. Nahot bugungi so‘z erkinligini niqob qilib, turli shantaj harakatlar bilan nomini tanitib olgan jurnalistlik va bolgerlikka dog‘ tushirayotgan kimsalarning bu hatti-harakatlari qonundan, sudning qaroridan ustun kelsa. Axir, Prezidentimiz adolat qaror topishi uchun jon kuydirib kelyaptiku. Haqiqat bor ekan, sud mening foydamga nizoni hal etib berdi. Ammo Adiba Narzullayeva turli yo‘llar bilan meni ishdan oldirmoqchi bo‘lyapti.

Adiba Narzullayevaning mehnat nizosi bilan bog‘liq holat yuzasidan tuman prokuraturasi va tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan qayta o‘rganish olib boriladi.

Shu o‘rinda Shahrisabz tuman hokimligi ayrim jurnalist va blogerlardan masalaga chuqur yondashishi, muammoni izchil o‘rganib, taraflarni eshitgan holda, huquqiy hujjatlarga tayanib, xolisona axborot tarqatishini so‘rab qoladi.

Qobul Do‘sovning “Kobul Dusov” telegram kanali orqali tarqatgan tuman hokimi sha’niga nisbatan haqoratomuz so‘zlar qo‘llagani ustidan qonuniy to‘xtamga kelish uchun to‘plangan hujjatlar hamda Qobul Dusov va hokim o‘rtasidagi muloqotiga doir (audioyozuv shaklida) ma’lumotlar viloyat prokuraturasiga yuborildi.

 Shahrisabz tuman hokimligi Axborot xizmati