27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Assalomu alaykum, do‘stlar!
Qadrli jurnalist va blogerlar!
Barchangizga ma’lumki, mamlakatimizda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana bilan barchangizni samimiy muborakbod etaman.
Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalarisiz hayotimizni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yurtimizda demokratik jarayonlarni jadallashtirish, fuqarolik jamiyatini qaror toptirish, sog‘lom jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishda siz, jurnalist va blogerlarning o‘rningiz beqiyos.
Shu o‘rinda bir fikrni ta’kidlashni istardim. Har qanday rivojlanish yo‘lida dadil odimlayotgan davlat borki, so‘z erkinligisiz, inson huquq va manfaatlarisiz, ochiqlik va oshkoraliksiz taraqqiyotgan erishishi mushkuldir.
Keyingi yillarda ham jonajon vatanimizda bo‘lgani kabi Shahrisabz tumanida ham barcha soahalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Tibbiyot muassasalari zamonaviy qiyofa kasb etdi, maktabgacha va maktab ta’limida zamonaviy innovatsiyalar joriy etilib, bog‘cha va maktablarning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Yo‘l, elektr-energiya, ichimlik suvidagi ko‘plab muammolar bartaraf etildi. Tumanda sanoat hajmi ortdi. Qolaversa, tog‘li hududlarimizda zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish, ekoturizmni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish borasida tarixiy ishlar boshlab yuborildi.
Aziz jurnalist va blogerlar!
Siz ushbu islohotlarni chuqur tahliliy sharhlar, reportaj va ko‘rsatuvlar, mazmunan boy maqolalar orqali tinimsiz yoritib kelmoqdasiz. Sohada e’tibordan chetda qolib ketayotgan masalalarga ham xolis va adolatli baho bermoqdasizki, sizning bu mahoratingizni avvalo, kasbga sadoqat, vatanga muhabbat, xalqqa g‘amxo‘rlik sifatida baholagan bo‘lar edik. Siz chinakam xalq va davlat o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, Yurtboshimiz orzu qilgan axborot olamida milliy kontentni yaratishga jiddi-jaxd aylab kirishgansiz.
So‘nggi yillarda Shahrisabz tuman hokimligi va korxona-tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘plab radioeshittirishlar, ko‘rsatuvlar, dolzarb maqolalar e’lon qilindi. Birgina so‘nggi olti oyda davlat va nodavlat respublika telekanallarida 300 martaga yaqin lavha, axborot, reportaj va ko‘rsatuvlar efirga uzatilib, tumanimizdagi jarayonlar xolisona yoritilib kelinmoqda. Bu borada biz bilan yaxshi hamkorlik qilib kelayotgan “MTRK” va nodavlat telekanallarning jonkuyar muxbirlariga, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa nufuzli internet nashrlari jamoasiga, respublika hamda mahalliy gazeta-jurnallar ijodiy xodimlariga, barcha blogerlarga o‘z minnatdorligimizni bildirib qolamiz.
Hurmatli jurnalist va blogerlar!
Sizni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman. Umringiz uzoq, tani-joningiz sog‘ bo‘lsin. Sizga kasbiy faoliyatingizda mustahkam iroda, botir yurak, o‘tkir nigoh hamisha hamroh bo‘lsin.
Samad Hasanov,
Shahrisabz tuman hokimi