Shahrisabz tumanida “Profilaktika kuni” doirasida targ‘ibot ishlari o‘tkazildi

Shahrisabz tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi (FVB) xodimlari tomonidan har hafta chorshanba kuni o‘tkaziladigan “Profilaktika kuni” doirasida Ravot mahalla fuqarolar yig‘ini hududida targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

Mazkur tadbir davomida FVB xodimlari aholi yashash xonadonlariga kirib, yong‘in xavfsizligi, chaqnash (portlash) holatlarining oldini olish, is gazidan zaharlanish xavfi hamda seysmik xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirishlar berdi. Ushbu profilaktik tadbirlarning asosiy maqsadi – fuqarolarni favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish bo‘yicha bilimlarini oshirish hamda muqarrar xatarlarning oldini olishdir.

Tadbir davomida mahalla aholisi bilan muloqot o‘tkazilib, ularga xavfsizlik bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, turli yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatoliklar, ularning oqibatlari va ularni bartaraf etish usullari bo‘yicha amaliy tushuntirish ishlari ham olib borildi.

Shahrisabz tumani FVB xodimlarining bunday targ‘ibot ishlari muntazam davom ettirilmoqda hamda kelgusida boshqa mahallalar hududida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.