Miraki — turizm va san’at uyg‘unlashgan maskan

Shahrisabz tumanidagi “Miraki” turizm hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish va qurilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Hududni yanada jozibador va qulay maskanga aylantirish maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda “Miraki”da uy-mehmonxonalar atrofida archa va manzarali daraxtlar ekilib, yashil muhit barpo etilmoqda. Bu nafaqat ekologik barqarorlik, balki mahalliy aholi va mehmonlar uchun ham estetik qulaylik yaratmoqda.

Shuningdek, hududda Rospis san’ati asosida yaratilayotgan monumental devoriy rasm alohida e’tiborga loyiq. Ushbu devoriy kompozitsiya nafaqat zamonaviy san’at namunasi, balki Mirakining tarixiy-madaniy ruhini ham o‘zida mujassam etadi. Rassomlar tomonidan yaratilayotgan sahnalar xalq og‘zaki ijodi, milliy qadriyatlar va tabiat manzaralaridan ilhomlanib, rang-barang va jonli ifoda topmoqda.

Miraki turizm markazidagi faoliyat xorijiy mehmonlar e’tiboridan ham chetda qolmadi. BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahler xonim boshchiligidagi delegatsiya hududga tashrif buyurib, bu yerda olib borilayotgan infratuzilma va mehmonxona sohasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya tomonidan turizmni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr almashildi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ham Miraki turizm mahallasiga tashrif buyurib, qurilish va obodonlashtirish ishlari holatini ko‘zdan kechirdi. Viloyat rahbari amalga oshirilayotgan loyihalar sifatiga e’tibor qaratib, mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.

Malikadiana Isrofilova

OʻzDJTU 4-kurs talabasi