MUNOSABAT

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, Shahrisabzning imkoniyatlari yetarlicha faqat undan unumli foydalanishimiz zarur

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shahrisabz tumaniga amalga oshirgan tashrifi — xalqimiz hayotida muhim voqelik bo‘lib, bugungi islohotlar samarasi, kelajak taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beruvchi tarixiy voqeadir.

 

Davlatimiz rahbari tomonidan Hisor tog‘ bag‘rida joylashgan Miraki maskanidagi sayyohlik infratuzilmasi bilan tanishgani va bu yerda yaratilayotgan qulayliklarni yuqori baholaganlari — biz, deputatlar uchun ham ulkan mas’uliyat, ham katta ishonch hisoblanadi.

 

Haqiqatan ham, Shahrisabz tumanida turizm salohiyati juda katta. Prezidentimizning 2023-yil 28-noyabrdagi qaroriga muvofiq, viloyatimizda, jumladan, Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida jahon andozalariga mos turizm majmualari barpo etilmoqda. Bu loyihalar nafaqat hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda, balki aholimiz uchun minglab yangi ish o‘rinlari yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, endigi vazifa — mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, xizmat turlarini ko‘paytirish va sayyohlar ehtiyojini chuqur o‘rganib, ularga mos mahsulot va xizmatlarni taklif etishdir. Bu esa mahalliy ishbilarmonlar, yoshlar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

 

Shu ma’noda, tuman Kengashi, hokimlik va barcha mutasaddi idoralar davlat rahbarining topshiriqlari va ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlashga qat’iy bel bog‘lagan. Biz investorlarga qulay muhit yaratish, yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va hududning turizm brendini shakllantirish bo‘yicha aniq dasturlar asosida ish yuritamiz.

 

Hurmatli Prezidentimiz tashriflari tumanidagi har bir fuqaro qalbida umid va faxr tuyg‘usini uyg‘otdi. Biz bu ishonchni oqlash, Shahrisabzni jahon miqyosidagi sayyohlik markaziga aylantirish yo‘lida sidqidildan mehnat qilamiz.

 

Bakir Elboyev

Xalq deputatlari Shahrisabz tuman Kengashi deputati