MUNOSABAT
2025-yil 10–11 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan IV-Xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va global hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Prezidentimiz o‘z nutqlarida global siyosiy-ijtimoiy beqarorlik sharoitida barqaror rivojlanish, investitsiyaviy ishonch va xalqaro sheriklikni kuchaytirishga alohida urg‘u berdi. Forumda ilgari surilgan asosiy yo‘nalishlar – “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, moliyaviy barqarorlik, transport-logistika infratuzilmasi va mineral resurslardan oqilona foydalanish orqali yangi iqtisodiy modelga o‘tishdir.
Mamlakatimiz tomonidan xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan shaffof va barqaror muhit, moliyaviy xavfsizlik, qonunchilikdagi barqarorlik, IT va Fintech sohalarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlanganidek, investitsiyalar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki tinchlik, barqarorlik va ijtimoiy adolat uchun kafolat bo‘lishi lozim.
Bu kabi yondashuvlar, ayniqsa, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, yetakchi korporatsiyalar va xorijiy investorlarning faol ishtirokini ta’minlash orqali O‘zbekistonni mintaqaviy va global iqtisodiyotda kuchli o‘ringa ega bo‘lishiga xizmat qiladi. Uzoq muddatli strategik rejalar, jumladan, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotni ikki barobar oshirish, yangi texnoparklar, “Yangi Toshkent” kabi yirik infratuzilmaviy loyihalar esa bu yo‘ldagi aniq amaliy qadamlar sifatida e’tiborga molikdir.
Shunday qilib, Toshkent investitsiya forumi xalqaro investorlar uchun O‘zbekistondagi islohotlarning amaliy natijasi va jozibadorligini yaqqol namoyon qildi.
Nasiba Razzoqova
Xalq deputatlari Shahrisabz tuman Kengashi deputati